Joriy yilning 20-yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari A. Shukurov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari N. Kayupov hamda Jahon banki vakillari Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurishdi.








Ushbu tashrif mintaqada qishloq xo‘jaligi ilm-fanini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni muhokama qilish uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Tashrif davomida mehmonlar institutning ilmiy ishlari va loyihalari bilan yaqindan tanishdilar.
Xususan, qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini modernizatsiya qilishda innovatsion yondashuvlarning ahamiyati ta’kidlandi. Shu bilan birga, institutda duch kelinayotgan muammolarni bartaraf etish va muassasa tajriba xo‘jaligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida institutga ajratilgan 600 ming AQSh dollarini o‘zlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ushbu mablag‘lar ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, tajriba maydonlarini modernizatsiya qilish va zamonaviy qishloq xo‘jaligi uskunalarini sotib olishga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, institut olimlari bilan fikr almashish chog‘ida zamonaviy navlarni yaratish va ularni keng ko‘lamda joriy qilishning ahamiyati qayd etildi. Yangi navlarning ekin maydonlarini kengaytirish orqali hosildorlikni oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Mazkur tashrif O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, mintaqaviy muammolarni hal qilish va Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi navbatdagi qadam bo‘ldi. Bu kabi sa’y-harakatlar kelgusida mamlakat qishloq xo‘jaligining barqaror o‘sishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Telegram kanali


