Sudan o‘ti — bir yillik, qurg‘oqchilikka chidamli, issiqsevar yem-xashak ekini, yirik shoxli qoramol va qo‘ylar uchun to‘yimli ozuqa. Quyida institutda yaratilgan “Chimbayskaya yubileynaya” navi misolida sudan o‘tidan ko‘k massa va urug‘ yetishtirish texnologiyasi keltirilgan.
Ozuqaviy qiymati
Bir yillik ozuqa ekinlari orasida sudan o‘ti oqsil miqdori (9,03%) bo‘yicha faqat dukkakli ekinlardan keyin turadi, ko‘k massa va to‘yimliligi bo‘yicha esa popuk ildizli o‘tlar orasida birinchi o‘rinni egallaydi. Popuk ildizlari chirishi hisobiga tuproqni ko‘p miqdorda organik moddalar bilan boyitadi.
| Sudan o‘ti pichanining kimyoviy tarkibi | % |
|---|---|
| Suv | 7,83 |
| Oqsil (belok) | 9,03 |
| Kul | 6,74 |
| Kletchatka | 25,38 |
| Azotsiz ekstraktiv va yog‘li moddalar | 51,02 |
Yetishtirish texnologiyasi
Almashlab ekishdagi o‘rni va yer tanlash
Almashlab ekish sxemasida sudan o‘ti kuzgi va bahorgi, dukkakli ekinlardan keyin joylashtiriladi. Urug‘ olish uchun begona o‘tlardan toza yerlar tanlanadi: dastlabki 35–45 kunda sudan o‘ti sekin o‘sadi va begona o‘tlardan kuchli zararlanadi.
Yerni tayyorlash va o‘g‘itlash
Dala kuzda yoki bahorda 20–25 sm chuqurlikda haydaladi. Haydov ostiga organik o‘g‘itlar (20–30 t/ga), fosfor 150–175 kg/ga, kaliy 70–100 kg/ga va azotning yillik me’yorining yarmi (70–100 kg/ga) beriladi.
Urug‘ni tayyorlash
Urug‘lar tozalanib, kalibrlanadi, unuvchanligi 95–98% bo‘lgan 1–2-sinf urug‘lar tanlab olinadi va zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi maxsus preparatlar bilan dorilanadi.
Ekish muddati va me’yori
Ekish 10 sm chuqurlikda tuproq harorati 10–12 °C ga yetganda boshlanadi — Qoraqalpog‘istonning shimoliy zonasida bu aprelning birinchi o‘n kunligi; unib chiqish uchun eng qulay harorat 20–30 °C. Urug‘ uchun ekishning eng oxirgi muddati — mayning birinchi o‘n kunligi.
Don seyalkasi bilan qator orasi 60 sm, chuqurligi 3–4 sm (nam kam bo‘lsa 4–5 sm) qilib ekiladi. Ekish me’yori: urug‘ uchun 15–17 kg/ga, ko‘k massa uchun 17–20 kg/ga. Ayrim dalalarga yengil katok bosiladi; qulay ob-havoda maysalar 7–8 kunda unib chiqadi.
Parvarish
Dastlabki 5–6 haftada o‘simlik sekin o‘sib, kuchli ildiz tizimini hosil qiladi (vegetatsiya oxirida ildizlar 2,0–2,5 m va undan chuqurroqqa yetadi). 4–5 barg hosil bo‘lgunga qadar kamida 2 marta kultivatsiya qilinib, dala begona o‘tlardan tozalanadi.
Urug‘lik dalalarda azotning yillik me’yorining yarmi (100 kg/ga) tuplanish davrida kultivatsiya bilan beriladi; ko‘k massa dalalarida bu miqdor har o‘rimdan keyin 2–3 marta bo‘lib beriladi. Urug‘lik dalalarda birinchi o‘rimda ko‘chatlar yagonalanib, gektariga 1,2 mln tup qoldiriladi. Sel yomg‘irlaridan keyin tuproq qatqaloq bo‘lsa, unib chiqishga qadar dala diagonali bo‘ylab rotatsion motiga yoki yengil borona yurgiziladi.
Sug‘orish
O‘q ariqlar dala nishabiga qarab har 70–100 metrda olinadi. Ko‘k massa uchun ekilganda bo‘yi 1,0–1,2 m ga yetgunga qadar kamida 2–4 marta gektariga 700–800 m³ hisobida sug‘oriladi, keyingi sug‘orishlar har o‘rimdan keyin shu me’yorda o‘tkaziladi.
Urug‘lik dalalarda sug‘orish me’yori 1 000–1 500 m³/ga: birinchi sug‘orish boshoqlash davrida (500–600 m³), ikkinchisi gullash davrida (500–800 m³).
Hosilni yig‘ish
- Pichan uchun o‘rim birinchi boshoq hosil bo‘la boshlaganda o‘tkazilsa, eng yaxshi natija beradi.
- Ko‘k massa uchun birinchi o‘rim bo‘yi 1,0–1,2 m ga yetganda (unib chiqqandan 40–45 kun o‘tib), keyingi o‘rimlar mos ravishda 45–50 va 50–55 kundan keyin o‘tkaziladi. O‘rim traktorga tirkalgan KIR-1,5 agregati bilan bajariladi; bir mavsumda 3 o‘rim olish mumkin.
- O‘z vaqtida yig‘ib olingan pichan va ko‘k massaning ozuqaviy sifati va hosili yuqori bo‘ladi.
Urug‘chilik
Urug‘lik dalalarda hosilni yig‘ishdan oldin navning tozaligini aniqlash uchun puxta aprobatsiya o‘tkaziladi: donning mumsimon pishish davrida morfologik belgilari bo‘yicha boshqa navlarga mansub, kasallangan va zararlangan o‘simliklar o‘rib olinib, dala chetiga chiqariladi. Aprobatsiya natijasida daladan olinadigan hosil hisoblab chiqiladi.
Sudan o‘ti birinchi qirov tushguncha, ayniqsa namligi mo‘l dalalarda tuplashda davom etadi, shuning uchun o‘rim muddatini to‘g‘ri belgilash muhim. Poyasi sarg‘ish tusga kirganda o‘rim boshlanadi; o‘rim qo‘lda yoki maxsus traktorlarda bajarilib, quritilgach don kombayni bilan yig‘ib olinadi. Urug‘ tozalanib, namligi 15% dan oshmaguncha quritiladi, qoplarga solinib, oldindan zararkunandalarga qarshi dorilangan omborlarda saqlanadi.
Material Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining “Qoraqalpog‘istonda sudan o‘tini yetishtirish texnologiyasi” bukleti (Chimboy, 2021) asosida tayyorlandi. Mualliflar (2020-yilgi tavsiyanoma): B. Turdishev, G. Sayipnazarov, B. Berdikeev, I. Nazarimbetov, D. Berdikeev.


