Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda moyli ekinlar katta ahamiyatga ega, ular orasida eng ko‘p yog‘ beradigani — kunjut. Kunjut yog‘i oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va parfyumeriyada asosiy xomashyo hisoblanadi.
Ahamiyati
Kunjut urug‘ida 55–68% yog‘, 16–22% oqsil va 18% eruvchan uglevod bor. Urug‘i va yog‘idan qandolat mahsulotlari, konserva va margarin olishda foydalaniladi, urug‘ qobig‘i holva tayyorlashda qo‘llanadi. Gul va poyasidan xushbo‘y atirlar, yuqori sifatli karamel olinadi. Yog‘ ajratib olingandan keyin chorva uchun to‘yimli kunjara (jmix) qoladi — unda oqsil, 8% yog‘, fosfor va kaliy bor.
Yetishtirish texnologiyasi
Ekish muddati
Urug‘ni o‘z vaqtida tayyorlash va ekishni may oyi ichida o‘tkazish — yuqori hosil asosi. Issiq havoda maysalar bir tekis unib chiqadi; harorat pasaysa yoki muddatdan oldin ekilsa, unib chiqish sustlashadi, maysalar siyrak va nimjon bo‘ladi.
Ekish me’yori va ko‘chat qalinligi
Fermer xo‘jaliklarida qator orasi 60 sm qilib ekilganda 5–6 kg/ga urug‘ sarflanadi. Maysalar unib chiqib, qatorlar aniq ko‘ringach, 1 m² da 20–22 tup o‘simlik qoldiriladi.
Qator oralariga ishlov berish
Mavsumda 3 marta kultivatsiya, 2 marta begona o‘tlardan tozalash o‘tkaziladi. Birinchi kultivatsiya o‘simlikdan 10–12 sm uzoqlikda, 11–13 sm chuqurlikda; ikkinchisi 8–10 sm uzoqlikda, 13–15 sm chuqurlikda bajariladi. Kultivatsiya bilan birga 2 marta oziqlantiriladi.
O‘g‘itlash
Yuqori hosil uchun har gektarga sof holda 150 kg azot, 100 kg fosfor, 75 kg kaliy beriladi. Azotli o‘g‘itlar gullash fazasigacha, kaliy esa gullash boshlanganda beriladi.
Sug‘orish
Yer va o‘simlik talabiga qarab mavsumda 1–2 marta sug‘oriladi. Suv tez oqizilsa tuproq eroziyasi kuchayadi; sekin yuborilganda egatlar yaxshi namlanib, suv kam sarflanadi. Suvni tejash — sifatli urug‘ olishning asosiy shartlaridan biri.
Zararkunandalarga qarshi kurash
Shiralarga qarshi BI-58 (40% dimetoat, em.k.) 1,5 l/ga, 200 litr suvga aralashtirib sepiladi. Tunlamlar va karadrina aniqlansa, sipermetrin 0,3 l/ga yoki fozalon 2,5 l/ga qo‘llanadi.
Hosilni yig‘ish va saqlash
- Erta ekilgan kunjut sentabrning ikkinchi o‘n kunligidan pishadi. Pastki ko‘saklar sarg‘aya boshlashi bilan o‘rim boshlanadi — yuqoridagilarini kutib o‘tirilsa, pastki ko‘saklar yorilib, urug‘ to‘kiladi.
- Hosilni 2–3 kunda to‘liq yig‘ib olish kerak; buning uchun texnika va transport oldindan tayyorlab qo‘yiladi.
- O‘rilgan kunjut 40–50 tupdan bog‘lanib, brezent ustida quritiladi; 8–10 kundan keyin yanchilib, urug‘i ajratiladi.
- Tozalangan urug‘ qoplarda, shamollatiladigan xonalarda saqlanadi.
Material Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining “Kunjut o‘simligining agrotexnologiyasi” bukleti (Chimboy, 2021) asosida tayyorlandi. Mualliflar (2020-yilgi tavsiyanoma): U. Aytjanov, B. Aytjanov, Ye. Sadiqov.


